
Tasvir: Gaetan Lee
uForumda bugun o‘zbek alifbosi bo‘yicha yana bir munozara boshlandi. Ushbu mavzuda savol shunday qo‘yilgan – “O‘zbek tilidagi sayt qaysi grafikada bo‘lishi kerak? Lotin yoki kirill?”. Ya’ni, o‘zbek tilidagi vebsaytlar lotin alifbosidami yoki kiril alifbosida olib borilishi kerakmi.
Savolning mantiqidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ushbu savolga lotin alifbosidan foydalanish kerak deb javob beraman. Chunki, 1993-yil 2-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” Qonuni qabul qilingan; Yangi alifboga bosqichma-bosqich o‘tish 2005-yil 1-sentyabriga qadar to‘liq tugallanishi to‘g’risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarori mavjud; 1995 yil 24 avgust O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika vazirliklari, idoralari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari, ommaviy axborot vositalari lotin yozuviga asoslangan O‘zbek alifbosidagi barcha turdagi yozishmalarda, matbuotda, ish yuritishda ushbu qoidalarni joriy qilish yuzasidan tegishli tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar” deb ko‘rsatilgan qarori mavjud. Hozir 2008-yilda yashayapmiz, demak allaqachon lotin alifbosiga o‘tgan bo‘lishimiz kerak. Kiril alifbosida bo‘lish kerakmi degan savolning o‘zi mantiqsiz bo‘lib qolmoqda.
Ikkinchi tarafdan, agar savol boshqacha qo‘yilganda, xususan – “Sizga lotin alifbosi asosida yuritiladigan o‘zbekcha sayt qulayroqmi yoki kiril alifbosi asosidagimi?” deb so‘ralganda edi, xar bir foydalanuvchi o‘z fikrini bildirgan bo‘lardi va shunga qarab mavzu muallifi boshqalarning fikrini bilib olgan bo‘lardi.
Yuqoridagi mavzu munozarasiga qaytadigan bo‘lsak, u yerda hozircha ko‘pchilik kiril alifbosini ma’qullab turishibdi. Bu albatta hammaning o‘z hohish va istagi.
Lekin mening fikrimcha, bunday masalalarda, ya’ni uzoq muddatli loyihalarda hamda asosan yosh avlodga mo‘ljallangan loyihalarda albatta lotin alifbosidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Bundan 10 yilcha oldin maktabga qadam qo‘ygan yoshlarning ko‘pchiligi kiril alifbosini o‘qishda juda ham qiynalishadi. Ularni allaqachon lotin alifbosiga “o‘rgatib bo‘lingan”. To‘g’ri, oldinroq tarbiya olgan yoshlar kiril alifbosiga ko‘proq o‘rganib qolishgandir, lekin bu narsa vaqt masalasi hisoblanadi. Ya’ni oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ko‘pchilik lotin alifbosini ishlatishni odat qilib olganida, hozir kiril alifbosiga qanday o‘rgangan bo‘lsa, lotin alifbosiga ham shunday o‘rganib qoladi. Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi, chunki bu narsa qator qonun va qarorlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan hamda bu sohada ancha yirik ishlar qilinib kelmoqda. Shuncha narsani bekor qilib yuborilishiga hecham ishongim kelmaydi.
Men maktabta kirilchada o‘qigan bo‘lsamda,lotin grafikasi tarafdoriman.Birinchidan,siz aytganday bu grafika bir necha qonunlar tarafidan mustahkamlangan.Va bu kelajakta ishlatiladi..agar siyosatchilarimizni kayfiyatlari o‘zgarib qolmasa.Ikkinchidan,hozirgi O‘zbek tilini lotin grafikasini man uchun eng kotta afzalliklaridan..Hech qanaqa kodirovka-podirovka kerak emas.Hech qanday mahsus shriftsiz,yozuvni hamma qoidalariga rioya qilib yozaverasiz.Uchinchidan,yoshlarni ma’lum bir qismi umuman kirilchani o‘qiy olmaydi hozir.Lotinchaga o‘rganib bo‘lishti.
Loting grafikasi,forever!