UZBLOGGER 4.0

UZBLOGGER 4.0

Odam zoti hech qachon tinib-tinchimas ekan. O‘zbek millatidagilar ayniqsa, kichik bir kulbasida ham 1 yilda kamida 2 marta jihozlarni o‘rnini almashtirmasa, o‘zini taniy olmay qoladi. “Qon bilan kirgan, jon bilan chiqadi” deganlaridek, ushbu blogda ham qisqa vaqt ichida bir necha o‘zgarishlar yuz berib turdi.

Mana bugun ham, huddi avvalgilaridek, yangilik bilan post yozmoqdaman. Bu safar ham asosiy sabab blog tashqi ko‘rinishining o‘zgarganligidir.

Ushbu postning nomi nimaga “UZBLOGGER 4.0” deb hayron bo‘layotganlarga eslatib o‘tishim joizki, ushbu blog tashkil topganidan beri 3 marotaba o‘zining tashqi ko‘rinishi, dizaynini o‘zgartirgan edi, endi mana 4-marta o‘zgarishi.

Avvalgi o‘zgarishlarda asosan blogning tashqi ko‘rinishi o‘zgargan bo‘lsa, bu safar blogning strukturasi ham o‘zgardi. Bular haqida batafsil tushuntirib beraman.

Xabaringiz bor, ushbu blog soyasida Bloggerlar Forumi ham tashkil etilgan. Ushbu forumdan maqsad, blogda yozilayotgan maqolalarga tegishli bo‘lmagan mavzular hamda turli hil yordam/maslahatlar bilan o‘rtoqlashish edi. Blogdan maqsad esa, blogging bo‘yicha o‘zbek tilida ma’lumotlar chop etish va bloggerlarga ko‘mak berish edi. Avvaliga blog yuritish bo‘yicha bir nechta maqolalar chop etildi, lekin shaxsan men bilan bog‘langan blog o‘quvchilari asosan undan ham oddiy savollar bilan murojaat qilishardi. Aksariyat hollarda blogni yuritishdan ko‘ra, qanday qilib blog o‘rnatish yohud o‘rnatilgan blogning ma’lum qismlarini o‘zgartirishga ko‘proq ehtiyojlari bordek edi. Huddi ana shu maqsadni ko‘zlab, ya’ni mana shunday alohida mavzularga javob berish maqsadida Bloggerlar Forumini tashkil etilgandi. Lekin, noma’lum sabablarga ko‘ra ushbu forum men kutgan darajada rivojlanmayapti. Albatta buning ham sabablari bor. Eng oddiy sabab bu ko‘pchilik bu forumning mavjudligini ham bilmasligidir. Chunki ushbu forum haqida faqatgina bir postda yozib ketgandim xolos. Mana shu eski xatoni to‘g’irlash maqsadida bir ishga qo‘l udrim: bugundan boshlab blogning bosh sahifasida forumdan so‘nggi muhokamalarning ro‘yxatini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Umid qilamanki, forum ishtirokchilari soni yana ham o‘sadi va faol muhokamalarga yo‘l ochiladi.

Blog o‘quvchilariga yana bir muhim narsa bu ular foydalanishi mumkin bo‘lgan oddiy blog dasturlari haqida batafsil ma’lumot. Men shaxsan blog yoki forum yartish uchun WordPress va bbPressni maslahat berib kelganman. Lekin bu dasturlar haqida o‘zbek tilida umuman ma’lumot yo‘qligini hisobga olsak, quruq maslahat hech qanday naf bermaydi. Mana shu maqsadda endi UZBLOGGERda WordPress, WordPress MU hamda bbPress haqida, aynan mana shu dasturlar uchun mo‘ljallangan, alohida sahifalar yaratildi. Tegishli sahifaga tashrif buyurgan kishi, o‘sha dastur haqida ma’lumot olishi, dasturning o‘zbek tilidagi nashrini ko‘chirib olishi, unga tegishli bo‘lgan o‘zbek tilidagi qo‘shimcha plaginlar va shablonlarni yuklab olishi mumkin bo‘ladi. Ayni paytda bunday sahifalar yaratilgan, lekin ma’lumotlar bilan hali to‘la-to‘kis ta’minlanmagan. Shuning uchun, blogning yuqori qismidagi WordPress, WordPress MU hamda bbPress bog‘lari hozircha ishlamaydi, ularni tez kunlarda tegishli ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan holda ommaga havola etiladi.

Sizlarga bildirib o‘tishim lozim bo‘lganlar mana shulardan iborat edi. UZBLOGGER 4.0 muvaffaqiyatli o‘rnatildi, endi bir necha kun uni optimizatsiya qilish va mayda-chuyda kamchiliklarini bartaraf etish bilan mashg‘ul bo‘laman. Tarjima qilinmagan jumlalar ham chiqib qolishi mumkin, iltimos, panika qilmasdan xatolar haqida ushbu postda yozib qoldirishingiz mumkin.

Hurmat bilan,
Avaz Ibragimov

Shanba, Mart 28th, 2009 Umumiy bo‘limida chop etildi.

Ishtirok etish