“Blog yuritishdan charchadim!” — Blog yuritishni tashlash vaqti keldimi?

Blog

Hamma bloggerlar bir kun kelib albatta mashhur blogger bo‘lib yetishishadi yoki ularning blogi albatta minglab o‘quvchilarni o‘ziga jalb qila oladi degan qonun-qoida mavjud emas. Faqatgina hohish va ishonch bilan harakat qilgan, mehnat qilgan bloggergina bunday martabaga erishishi mumkin va bu hammaning qo‘lidan keladigan narsa. Lekin kimdur ma’lum muddatdan so‘ng blog yuritishni tashlab yuboradi. Ushbu maqolada bunga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omillarni ko‘rib chiqamiz.

Blog yuritish odati” deb nomlangan maqolamni muhokama qilish jarayonida bir qiziq holatga duch keldim. Blog o‘quvchilarmizidan biri “Blog yuritish men uchun emas ekan” degan xulosaga kelibdi. Sababini so‘raganimda blog uchun aniq bir mavzu tanlanmaganligi, blog yuritish odati shakllanmaganligi va blog oq’uvchilarini jalb qilish qobiliyati yetarli emasligini sabab qilib keltirdi. Keling, ushbu sabablarga birma-bir to‘xtalib o‘tamiz va buning oldini olish yo‘llarini o‘ylab ko‘ramiz.

Blog mavzusi

Blogimning doimiy o‘quvchilari UZBLOGGERda bu mavzuda maqola chop etilganini bilishadi. Maqola “Blogging asoslari: Mavzu tanlash” deb nomlanadi. Bir parchani ushbu muammoga yechim sifatida keltirmoqchiman:

Qaysi mavzuni eng yaxshi bilishingiz haqida o‘ylab ko‘ring va shundan kelib chiqqan holda bir xulosaga keling. Juda ham keng mavzu bo‘yicha blog yuritish ham juda mukammal vazifa. Shuning uchun iloji boricha torroq va aniq bir mavzu bo‘yicha blog yuritishga harakat qilib ko‘ring, agar ushbu vazifani uddasidan chiqsangiz, borgan sari mavzu jabhalarini kengaytirib borishingiz mumkin bo‘ladi.

To‘laroq ma’lumot uchun ushbu maqolani yana bir-bor boshidan o‘qib chiqishingiz mumkin.

Blog yuritish odati

Blog yuritish odati shakllanmaganligi bu boshlovchi bloggerlar uchun odatiy holat deyishimiz mumkin. Ushbu muammoni hal qilishning bir yo‘li sifatida ushbu mavzuga doir bir maqolamdan parcha keltirsam:

Inson ma’lum bir sohaga kirib kelishi bilan, o‘sha sohaga oid hilma-hil yangi odatlarni ham o‘zlashtira boshlaydi. Bloggingda ham bu narsa mustasno emas. Blog yuritishni boshlagan odam ham bu narsani odat sifatida o‘zlashtirib oladi. Blog yuritish bu boshida bir mashg‘ulot sifatida qaraladigan narsa. Blog yuritishni kimdur bekorchilikdan qilsa, yana kimdur ma’lum bir natijani o‘ylab qiladi. Lekin muvaffaqiyatli blog yuritish uchun, blog o‘quvchilarini ko‘paytirish uchun, bu sohada nom chiqarish uchun blog yuritish ham bir odat bo‘lib qolishi kerak.

Yuqoridagi fikrning davomini “Blog yuritish odati” deb nomlangan maqola orqali bilib olishingiz mumkin, ilitmoq, boshidan o‘qib chiqing.

Blog o‘quvchilarini jalb qilish

Uchinchi sabab qilib ko‘rsatilgan narsa bu blog o‘quvchilarini jalb qilish qobiliyatining yetishmaganligidir. Blog o‘quvchilarini jalb qilish va borgan sari o‘quvchilar sonini ko‘paytirib borish bu albatta juda ham murakkab lekin juda ham qiziq bir jarayon hisoblanadi.

Blog o‘quvchilarini hamfikr sifatida qabul qiling, ularning fikrlariga quloq tuting, ular bilan munozaraga kirishing, kezi kelganda salbiy sharhlarni ham qabul qiling. Blog yuritish bu ma’lum bir sohada izlanish, o‘rganish ham demakdir. Ma’lum bir yerda sizga tanbeh berilishi yoki tuzatishlari bu odatiy hol sifatda qabul qilinishi kerak.

Blog o‘quvchilarini jalb qilishning yana bir usuli bu o‘z blogingiz mavzusiga tegishli bo‘lgan boshqa bloglarda sifatli maqolalar chop etish, muhokamalarda ishtirok etish. Hamma ham sizning blogingiz haqida ma’lumotga ega emas, shuning uchun boshqa bloglarda o‘zingiz yozgan maqolalar haqida aytib o‘ting. Bu spam degani emas. Albatta muhokama qilinayotgan mavzuga doir bo‘lsin. To‘g’ri kelgan-kelmagan joyda tiqishtirib ketish yaxshi emas.

Ushbu qoidalarga amal qilsangiz, blog o‘quvchilaringiz kun sayin ko‘payib boradi. Lekin eng muhim bir qoida bu sifatli, mazmunli va foydali maqola yozish. Kontent bu QIROL. Turli hil usullar orqali, yo‘llar orqali blogingizga kelganlarni ushlab qoluvchi va sodiq o‘quvchilarga aylantiradigan narsa bu sifatli va mazmunli maqola, buni hech qachon unutmang.

Agar UZBLOGGERda o‘z maqolangizni chop etmoqchi bo‘lsangiz, sizda bunday imkoniyat bor. Buning uchun ushbu sahifaga marhamat.

Seshanba, Iyul 28th, 2009 Blogging bo‘limida chop etildi.

Muhokama (2)

  1. Blogger ulg‘aygan sari, blog uchun vaqti kamayib boradi… Albatta kuniga 3k$gacha daromad keltiradigan blog egalaridan tashqari:) Ularning hayoti va noni Bloglar bilan bog‘liq… Oddiy kishilar uchun blog yuritishni kamaytirish yoki to‘xtatish vaqt albatta keladi deb o‘ylayman…

  2. Adham Kurbanov,

    Bu narsani men ham inkor eta olmayman. Qachondir to‘xtatiladi lekin, boshlamasdan turib to‘xtab qolishi bu boshqa narsa.

    Full-time blogger chiqarmikin bizda? :)

Ishtirok etish