Blogda chop etilayotgan maqolalarning hajmini har bir blogger o‘zi belgilaydi. Lekin, blog maqolasi uchun optimal hajm qanday? Siz o‘zingiz uchun belgilagan hajm qay darajada to‘g’ri? Bu maqolada shu kabi savollarga javob berishga harakat qilaman.
Aslida, maqola hajmi bo‘yicha aniq bir o‘lcham mavjud emas. Lekin, bu borada avvallari juda ko‘p bahs-munozaralar olib borilgan va ma’lum bir maslahatlar vujudga kelgan. Mana shu maslahatlarga quloq tutgan holda eng optimal hajm haqida tegishli xulosalat chiqarib olishingiz va amalda sinab ko‘rishingiz mumkin.
O‘quvchi e’tibori
Juda ko‘plab o‘quvchilar avval blogingizga ko‘z yugurtirib chiqishadi. Bunda asosan blog bosh sahifasi va undagi maqolalarga ko‘z tashlab chiqishadi. Odatda bu jarayon uchun 1-1,5 minut vaqt ajratishadi. Mana shu vaqt oralig‘ida blogdagi maqolalar o‘quvchining e’tiborini qozona olishi kerak. O‘quvchining e’tiborini qozonish uchun e’tiborni tortuvchi sarlavhalardan va qisqa paragraflardan foydalanishga harakat qiling. Qisqa paragraflarga bo‘lingan paytda, maqolaning eng muhim tomonlarini bir marta ko‘z tashlab bilib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Maqolaning umumiy hajmi, mana shundan kelib chiqqan holda, o‘rta me’yorda bo‘lgani yaxshi.
SEO
SEO deganda blog maqolalarini qidiruv tizimlari uchun moslashni tushunamiz. Ushbu sohada mutaxassis hisoblanganlarning orasida shunday gap borki, juda ham uzun yoki juda ham kalta yozilgan maqolalarga qidiruv tizimlari salbiy baho beradi. Albatta, bu yerda ham eng to‘g’ri, aniq bir hajm ko‘rsatilmagan. Umumiy holatlarga qarab eng kami 250ta va eng ko‘pi 1000ta so‘zdan iborat bo‘lgan maqola optimal deb hisoblanishi mumkin.
Maqolalarning soni
Yana bir qiziq nazariyalardan biri shuki, qancha qisqa maqola yozsangiz, shuncha ko‘p maqola yozishingiz mumkin. Qo‘pol qilib, bir maqolani 3-4 bo‘laklarga bo‘lgan holda chop etish deyish mumkin. Bu borada ham aniq bir ko‘rsatma mavjud emas, lekin har bir maqola o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadni aniq bajarishi kerak.
Mavzuni yoritish
Aslini olganda, maqola hajmini belgilashda ushbu kriteriya eng asosiysi bo‘lishi kerak. To‘g’ri, juda ham uzun maqolalar yaxshi emas, lekin maqolaning mazmunini ochib bera olmaydigan qisqa maqolalardan ham o‘quvchi uchun naf yo‘q.
Yuqorida keltirilgan nazariya va maslahatlardan xulosa qilib, harkim o‘zi uchun mos bir hajmni tanlagani ma’qul.
Men shaxsan o‘zim 300-500ta so‘zdan iborat maqola chop etishni ma’qul ko‘raman. Iloji boricha mavzuning po‘stkallasiga o‘tib ketaman. Lekin, men professional yozuvchi emasman, mening tanlagan yo‘lim noto‘g’ri bo‘lishi mumkin. Men bunda asosan o‘z tajribamndan kelib chiqqanman.
Hurmatli o‘quvchilar, bu borada siz nima deb o‘ylaysiz? Maqola hajmiga siz qanday qaraysiz? O‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing, o‘quvchilar uchun bu juda ham muhim.