Post so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, blog yoki forumda ma’lum bir mavzu bo‘yicha yozilgan xabar yoki maqola hisoblanadi. Post degan so‘z o‘zbek tiliga bag‘ishlangan lug‘atlarga kiritilmagan, bu so‘zni o‘zbek tilida men o‘z blogimda ishlataman. Norasmiy manbaalarda ham bu so‘zni uchratishingiz mumkin.
Blogging sohasida, oz bo‘lsa ham, tajribamga asoslangan holda bloglarda chop etiladigan postlarni ikki turga ajrataman — odatiy va abadiy.
Odatiy post
Odatiy postlar bu siz bilan biz kundalik hayotda muntazam yozadigan hamda o‘qiydigan qisqa yoki uzun postlar bo‘lib, ular internetdagi mavjud postlarning juda ko‘p qismini tashkil etadi.
Bu turdagi postlarni o‘qiganingizda o‘sha zahoti qandaydir ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin, qandaydir foydali narsani o‘rganishingiz mumkin lekin bunday postni hech qachon xatcho‘plar ro‘yxatiga qo‘shmaysiz yoki nashrdan chiqarib, ish joyingizga osib qo‘ymaysiz. Millionlab boshqa postlar qatori bunday postlarga ham ko‘z yugurtirib o‘tib ketasiz xolos. Ma’lum bir payt o‘tgandan so‘ng bunday postni o‘qiganligingizni elasy olmasligingiz mumkin.
Abadiy post
Abadiy postlar esa umuman boshqacha bo‘ladi. Ya’ni, aslini olganda odatiy postlardan ko‘rinishida hech qanday farqi yo‘q. Ular ham odatiy postlar singari qisqa yoki uzun hajmda bo‘ladi, lekin oddiy postlardan asosiy farqi uning ma’nosi va foydali hususiyatlarida.
Abadiy postlar internetda juda kam uchraydi, bunday postlarni qidirib topish lozim. Qidirib topganingizdan keyin esa darhol xatcho‘plar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yasiz, nashrdan chiqarib turli hil joylarga osib qo‘yasiz, barcha do‘stu-birodarlaringiz bilan Twitter yoki Facebook orqali ulashasiz. Ma’lum bir maslahat yoki turtkiga zor bo‘lganingizda albatta bu kabi postlarga ko‘z yugurtirasiz va o‘zingiz kutayotgan, sizga dalda bera oladigan satrlarni qidirib topasiz va mag‘rur ruhda rejadagi ishingizni amalga oshirasiz. Bu kabi postlar mana shunday nochor va tushkin holatlarda sizga ruhiy dalda berishi mumkin, rejalashtirgan lekin amalga oshirishga botina olmayotgan ishlaringizni ro‘yobga chiqarishda turtki bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bunday postlar ma’no va foydasi jihatidan juda ham qimmatli hisoblanadi.
Blogingizda qancha ko‘p abadiy postlar mavjud bo‘lsa, blogingizni o‘quvchilar va tashrif buyuruvchilarning soni hech qachon kamaymaydi. Odatiy postlarni siz uzoq vaqt va kuch sarflab boshqalarga yetkazsangiz, abadiy postlarni uni o‘qiganlar o‘zlari boshqalar bilan ulashishadi va sizning o‘rningizga juda yirik auditoriyaga yetkazishda yordam berishadi.
Odatda, abadiy post yozish uchun juda ko‘p vaqt ketadi. Lekin, natijada siz ega bo‘ladigan yutuqlar sarflagan vaqtingizni oqlaydi. Bu turdagi postlarni qancha ko‘p yozsangiz, shuncha foyda, lekin muntazam ravishda bunday postlarni yaratish oson ish emas. Agar siz o‘z blogingizni hafta mobaynida doimiy ravishda yangilab tursangiz, haftada bir marta yoki bir oyda 1-2 marta shunday maqola yozishga harakat qilib ko‘ring. Aminmanki, blog o‘quvchilaringiz soni tez orada ko‘payib boradi va doimiy muxlislarga ham ega bo‘lishni boshlaysiz.
Buning uchun o‘zingiz eng yaxshi bilgan mavzuda blogingizni o‘qiganlarga foydali bo‘ladigan 1-2 post yozing va blog o‘quvchilarining bunday postlarga bo‘lgan yondashuvini kuzatib ko‘ring. Blogingizda doimiy chop etiladigan odatiy postlardan ko‘ra mana shunday abadiy postlaringizga qiziqish, ularni muhokama qilish tubdan farq qilishi aniq.
Pingback: Bir oz tanaffusdan so’ng UzBloggerda ya… « AI/Blog